Manaviyat

Bo'lim:

Muallif: Firuz


Yozilgan sana: 2020-06-18



Ma`naviyat - nur, ma`naviyatli shaxs dilida haqiqat nuri aks etgan, o`zligini anglagan, o`zining borliqdagi o`rni va vazifasini tushunib yetgan, haqiqat oldidagi o`z maqomiga loyiq bo`lish va burchini ijro etish ma`suliyatini zimmasiga ola biladigan inson. Millat ma`naviyati, o`z tarixiy shakllangan qiyofasiga ega, shu bilan birga mohiyatan umumbashariy qadriyatlarga aslo zid emas, balki muvofiqdir. Ma`naviyat tushunchasi mustaqillikdan keyin rasmiy iste`molga kirdi. Bugungi kunda ma`naviyat nima? degan savolga xilma-xil javoblar paydo bo`lmoqda. M`anaviyat nihoyatda keng qamrovli tushuncha ekanligidan hayron bo`lmasa ham bo`ladi. Butun dunyo xalqlari bir-birini tushunib yashashga intilmog`i lozim. Dushmanlik, g`ayir ko`zi bilan qarash emas, mehr bashariyatni birlashtiradi. Bu ulug` haqiqatni bizning ajdodlarimiz allaqachonlar anglab yetgan. Ammo o`zgani tushunish uchun, o`zgaga mehr ko`zi bilan boqish uchun, avvalo, inson o`zligini anglab yetmog`i kerak. O`zligini anglamagan hech qachon o`zgani tushunmaydi, uni xolis qabul qilmaydi. Asli milliy ma`naviyatimizga bugungi ayricha e`tibor ushbu o`zligimizni anglab yetishga bo`lgan kuchli ehtiyoj natijasidir. Ma`naviyat tushunchasining ta`rifi, biz ba`zan osongina hal qilib qo`ya qolmoqchi bo`lganimizdek, oddiy lisoniy jumboq emas, «ma`no», «ma`ni» so`zlarining bugungi biz tushungan mazmuni bilan yechilmaydi. Jaloliddin Rumiyning buyuk irfoniy asari behudaga «Masnaviyi ma`naviy» nomi bilan shuhrat taratgan emas. Bu yerdagi «ma`no» tushunchasi Ollohning siri, Haq asrori, umuman, «g`ayb» haqida, agar materialistlar tushunadigan ifodaga ko`chirsak, biz zohir ko`zimiz bilan ko`rib turgan cheksiz zamon va makonda cheksiz va hududsiz shakllar majmuini to`zg`itib yubormay, g`oyat bir murakkab tizimda ushlab turgan ichki uyg`unlik, inson ongi hech qachon to`liq anglab yeta olmaguvchi yaxlit mohiyat haqida ishora etmoqda. Sufiylar «Xaq asrori» haqida faqat ishora, ramz, timsol bilan so`zlaganlar, chunki, Haq ilmi biz uchun «g`ayb ilmi»dir, inson mulohazalari esa doimo notugal va noto`kisdir. Ma`naviyat yaxlit mohiyat bo`lganligidan uni nazariy o`rganish deganda ushbu o`zak mohiyatni turli nisbatlarda ko`rib chiqish nazarda tutiladi, chunki bu imkonimizdagi yagona yo`ldir. Albatta, cheksiz nisbatlararo bugun uchun eng dolzarblarini tanlab olishga to`g`ri keladi. Bugunning eng dolzarb muammosi esa mustaqillik va ma`naviyat nisbati bo`lib, qolgan masalalar shunga bog`liq holda kelib chiqaveradi. Mustaqillik ma`naviyatining tayanch qoidalari 1992 yildayoq Prezidentimizning kitoblarida aniq va ravshan ifodalab berilgan edi. Biz o`z o`rnida ularga batafsil to`xtalamiz. Hozir Mustaqillik ma`naviyatining bosh masalasidan so`z ochmasak bo`lmaydi. Ma`naviyat haqida har qancha gapirish, yozish mumkin. Ammo ma`naviyat falsafa emas, dunyoni har qancha izohlab berganingiz bilan, qonun-qoidasini aniqlab, tushuntirib berganingiz bilan Siz aqlli, bilimdon, mantiqiy fikrlovchi odam sifatida qadrlanishingiz mumkin, ammo bular Sizni ma`naviy barkamol ekanligingizdan dalolat bermaydi. Yana Siz o`ta iste`dodli bo`lishingiz, Vatan haqida, mustaqillik haqida ajoyib qasidalar bitishingiz mumkin. Albatta, iste`dod ham ma`naviyat nishonasi, ammo ta`rifu tavsiflar bilan Vatan ravnaqi ta`min etilmaydi, mustaqillik mustahkamlanmaydi. Mustaqillik ma`naviyatining bosh mezoni, asos-poydevori mas`uliyat tuyg`usidir. Shunday ekan, suhbatning avvalida ham «Mustaqillik mas`uliyati» turmog`i vojib.


527 marta ko'rildi